O‘zMUga biriktirilgan maktablarda adiblar va yoshlar uchrashuvi iqlim savodxonligini targ‘ib etish bilan uyg‘unlashtirildi

O‘zbekiston Milliy universitetiga biriktirilgan Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 22 va 133-sonli maktablarda Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktori, “Shuhrat” medali sohibi, navoiyshunos olim Olimjon Davlatov, 24 va 29-sonli maktablarda esa atoqli shoir Xurshid Abdurashid ishtirokida ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.

Tadbir doirasida avvalo mehmon ijodkorlar, universitet mas’ullari hamda maktab rahbariyati ishtirokida “Yashil makon” milliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashabbus o‘quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatga mehr va barqaror rivojlanish tamoyillariga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi.

Ijodiy uchrashuvlar davomida adiblar o‘quvchilar bilan ochiq muloqot shaklida suhbatlashib, ularni nafaqat vatanparvarlik, adabiyot va ilmga bo‘lgan muhabbat, balki atrof-muhitga e’tiborli bo‘lish, iqlim o‘zgarishiga nisbatan ongli munosabatda yashash kabi muhim qadriyatlar asosida katta marralarni ko‘zlab harakat qilishga da’vat etdilar.

Mazkur uchrashuvlar o‘quvchilarning iqlim savodxonligini oshirish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlarini anglash, hamda ekologik mas’uliyat va barqaror kelajak sari shaxsiy hissasini qo‘shishga tayyor bo‘lgan yosh avlodni shakllantirish yo‘lida nafaqat ilmiy, balki amaliy jihatdan ham muhim platforma bo‘ldi.

Ijodkorlar o‘z chiqishlarida adabiyotda iqlim o‘zgarishi mavzusining badiiy aks-sadosi, inson va tabiat o‘rtasidagi muvozanat, tabiiy go‘zallikni asrash burchi haqida mulohazalar bildirdilar. Bu esa o‘quvchilarda mavjud global muammolarga ijodiy, tanqidiy va mas’uliyatli yondashuvni shakllantirishga xizmat qildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bunday tashabbuslar maktab o‘quvchilarining iqlim o‘zgarishi, ekologik muhofaza va barqaror rivojlanish bo‘yicha bilim va dunyoqarashini kengaytirish, ularni bilimli, faol va ijtimoiy mas’uliyatli yoshlar sifatida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Scroll to Top