O‘zMU chekka hududlardagi iqtidorli maktab o‘quvchilari bilan iqlim savodxonligini oshirish yo‘lida hamkorlikni kengaytirmoqda

2024-yil 5-mart kuni O‘zbekiston Milliy universitetida turizmni rivojlantirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ta’lim salohiyatini kuchaytirish maqsadida onlayn yig‘ilish tashkil etildi. Ushbu yig‘ilish universitetga biriktirilgan Jizzax viloyatining Arnasoy, Forish, Zomin tumanlari hamda Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi maktablar bilan hamkorlik doirasida o‘tkazildi.

Tadbirda universitetning soha prorektorlari, fakultetlar professor-o‘qituvchilari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy bo‘limlari mutasaddilari, shuningdek, Arnasoy tumani 8-maktabi, Forish tumani 59-maktabi, Zomin tumani 60-maktabi hamda Xovos tumani 30-ixtisoslashgan maktabining o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ishtirokchilarga barqaror rivojlanish maqsadlari, xususan iqlim o‘zgarishi, uning salbiy oqibatlari va potensial xavflari, shuningdek, global va mahalliy darajadagi yumshatish va moslashuv choralariga oid ma’ruzalar taqdim etildi.

Shuningdek, maktab o‘quvchilarini iqlimga oid muammolarni tushunish va ularning yechimlarini izlashga yo‘naltirish maqsadida fanlar kesimida maxsus o‘quv guruhlarini shakllantirish, ularga biologiya, geografiya, fizika, kimyo, informatika, o‘zbek va rus tili fanlarini o‘qitish hamda, ushbu guruhlar uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari, amaliy seminarlar va interaktiv muhokama darslari tashkil etish ko‘zda tutildi.

Tadbir davomida tomonlar tasdiqlangan reja-jadval asosida universitetning malakali professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari bevosita chekka hududlardagi mazkur maktablarga tashrif buyurib, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bilimlarni integratsiyalashgan tarzda yetkazishga kelishib olishdi.

Mazkur tashabbus orqali O‘zbekiston Milliy universiteti yosh avlodda bilim va salohiyatini oshirish bilan birga, ongli va barqaror rivojlanishga intilgan jamiyatni shakllantirish yo‘lida muhim qadam tashlamoqda.

Scroll to Top