Joriy yilning 13-may sanasida O‘zbekiston Milliy universitetida “Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar XXI asrda: rivojlanish tendensiyalari, ta’lim va texnologiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur anjuman 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda 2022-yil 27-iyunda imzolangan «Ommaviy axborot vositalarini qo’llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash hamda O‘zMUning 106 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Konferensiya davomida jurnalistika, publitsistika, kommunikatsiya, sun’iy intellekt, internet media, jamoatchilik bilan aloqalar, dizayn, mediasavodxonlik, reklama va medialingvistika kabi keng sohalarda olib borilayotgan tadqiqotlar muhokama qilinadi. Tadbirning asosiy maqsadi – bu sohalarda erishilgan ilmiy yutuqlarni akademik doiralar va keng jamoatchilik diqqatiga taqdim etish, shu bilan birga, mutaxassislar o‘rtasida fikr almashish imkoniyatlarini yaratish bo‘ldi.
Shuningdek, konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlari jurnalistika fakultetlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan muhim imkoniyat yaratadi. Bu esa nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqadagi boshqa davlatlarda ham jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar sohasining sifatini oshirishga hissa qo‘shadi.
Bundan tashqari, ushbu tadbir hamkorlik yo‘lida ilk qadam bo’lib kelajakda jurnalistlar va ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi mutaxassislar uchun malaka oshirish, yangi bilimlarni o‘zlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha treninglar ham o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.