“2030-yil: O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusidagi mazkur xalqaro anjumanda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov moderatorlik qilmoqda.
Forumda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari bilan Tojikiston universitetlari oʻrtasida integratsiyani yo‘lga qoʻyish, professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvi, o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, ta’lim sifatini oshirish, ta’limga raqamli texnologiyalarni joriy etish, malaka oshirish va ilmiy faoliyatdagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti hamda Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universiteti, Abuabdulloh Rudakiy nomidagi Kulob davlat universiteti, Akademik M.S.Osimi nomidagi Tojikiston texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Ushbu bitimga ko‘ra interfaol ma’ruza va munozaralar, mahorat darslarini o‘tkazish uchun o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda ilmiy hamkorlik rivojlantiriladi, metodika va ta’lim texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha tajriba almashiladi, qo‘shimcha malaka oshirish dasturlari amalga oshiriladi, shuningdek, professor-o‘qituvchilarning amaliyot va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, qo‘shma ta’lim va tadqiqot dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, qo‘shma madaniy-ma’rifiy, sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilinadi.
O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining II forumida ikki tomondan 100 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.
Forum yalpi majlis va 3 ta alohida seksiyaga bo‘lingan holda olib borildi.
Forumning yalpi majlis yakuni bo‘yicha mamlakatlar oliygohlari o‘rtasida 50 dan ziyod bitim, anglashuv memorandumi va “Yo‘l xaritalari” imzolandi.