O‘zbekiston Milliy universiteti rektori mahalla faollari va yoshlar bilan uchrashdi

Joriy yilning 13-may sanasida O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov Olmazor tumanidagi “Universitet” va “Ziyokor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, mahalla raislari, yoshlar yetakchilari hamda mahalladagi profilaktika inspektorlari bilan muloqot otkazdi.

Rektor Inom Madjidov, avvalo, universitet va mahalla o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. U yoshlarni bo‘sh vaqtlaridan samarali foydalanishga, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga va ijtimoiy faoliyatlarga jalb qilishga katta ahamiyat berdi. Shuningdek, universitetning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun mahallalardagi yoshlarni yanada kengroq xabardor qilish, ularni o‘qish va ilm-fan sohalariga qiziqtirish maqsadida turli tadbirlar, bilim bellashuvlari va zakovat intelektual musobaqalarini tashkil etish rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi.

Mahalla raislari va yoshlar yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, mahalladagi yoshlarni qiziqishlari va iste’dodlariga qarab turli to‘garaklarga jalb qilish, shuningdek, universitetning ilmiy va ijtimoiy dasturlarini mahallalar bilan birgalikda tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Yoshlarni kasbiy tayyorgarlik, til o‘rganish, sport, san’at va ilmiy ishlanmalar kabi sohalarda faoliyatlarga jalb qilish orqali ularning ma’naviy va ma’rifiy rivojlanishiga hissa qo‘shish taklif qilindi.

Rektor Madjidov, universitet va mahallalar o‘rtasidagi bu kabi uchrashuvlar va hamkorliklar yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratib, ularning o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga yordam beradi, deb ta’kidladi. Uchrashuv yakunida, hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida kelgusida bir qator qo‘shimcha dasturlarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, bu tadbirlar yoshlarni nafaqat kasbiy tayyorgarlik bilan ta’minlash, balki ularning jamiyatdagi faol rolini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top