Joriy yilning 6-may sanasida O‘zbekiston Milliy universitetida Ijtimoiy fanlar fakulteti tashabbusi bilan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy imkoniyatlari va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “O‘zliging namoyon qil!” nomli san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Ushbu festival universitetning ijodiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutadi va yoshlar orasida san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni o‘zlarining mahorat va iste’dodlarini keng jamoatchilikka namoyish qilish imkoniyatini yaratadi.
Festivalda universitetning barcha fakultetlari hamda universitet qoshidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 100 nafarga yaqin iqtidorli talabalar hamda yoshlar ishtirok etdilar. Har bir qatnashuvchi o‘zining san’at yo‘nalishidagi qobiliyatlarini tomoshabinlarga taqdim etdi. Ishtirokchilar orasida musiqa, qo‘shiqchilik, raqs, teatr va aktyorlik mahorati, parodiya san’ati, milliy liboslar ko‘rgazmasi kabi yo‘nalishlarda o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar. Festivalning turli yo‘nalishlari tomoshabinlarga boy va rang-barang san’at olamining eshiklarini ochdi, shuningdek, ishtirokchilar o‘zining ijodiy mahoratlarini ko‘rsatish uchun katta imkoniyatga ega bo‘ldilar.
Rektor boshchiligidagi universitet rahbariyati ham mazkur festivalda mehmon bo‘ldi. Iqtidorli talabalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, raqs-parodiyalar, namoyish etilgan sahna tomoshalari va ko‘rgazmalar tomoshabinlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar hakamlar hay’ati tomonidan baholandi, hamda festival yakunida g‘oliblarga faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.