Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida talabalar va o‘qishni tamomlayotgan yosh mutaxassislar bilan tashkilot, korxona vakillarining jonli muloqotini tashkil etish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida maʼlumotlar berish hamda talabalarning bandligini taʼminlash maqsadida «Karyera kuni» mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mehnat yarmarkasida universitetning asosiy buyurtmachi tashkilotlari hamda 100 dan ortiq boshqa korxona va tashkilotlar (tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, xususiy sektor tashkilotlari, uyushmalar) ishtirok etdi. Bitiruvchilarga tegishli tarmoqlar va mutaxassisliklar bo‘yicha ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida maʼlumotlar taqdim etildi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 2024 yil 23 fevral kuni «Yoshlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari»ga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, mazkur yig‘ilishda yoshlarga sifatli taʼlim berish, kasb-hunarga o‘qitish va ularning bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan va bir qator muhim vazifalar belgilab berilgan edi.Mazkur mehnat yarmarkasi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!» shiori ostidagi «Talabalar bahori — 2024» anʼanaviy festivali doirasida tashkil etildi.Joriy o‘quv yilida universitetni 7000 dan ortiq bitiruvchi tamomlab, diplom oladi. Mehnat yarmarkasi ushbu bitiruvchilarga munosib ish o‘rinlarini topishlari uchun xizmat qiladi.
Bugungi kunda universitetda talabalarni ishga joylashishlariga ko‘maklashish maqsadida «Karyera va bandlik markazi» faoliyat olib boradi. Ushbu markaz ish beruvchi tashkilot, korxona va muassasalar bilan talabalarning uchrashuvlarini tashkillashtirib kelmoqda. Markaz tomonidan so‘nggi 2 yilda 8000 dan ortiq talabalarga munosib ish o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashilgan.Bugungi «Karyera kuni» mehnat yarmarkasi ham shunday tadbirlarning ramziy davomi sifatida tashkil etilib, unda ish izlayotgan 10000 ga yaqin talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda ish beruvchi korxona va tashkilotlar masʼul hodimlari o‘z faoliyatini yorituvchi ko‘rgazmali jihozlar va bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar bilan qatnashib, talabalar orasida ishga qabul qilish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazdi.Mazkur tadbirda talabalar va universitet bitiruvchilari ishga joylashish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topishdi, xususan, ish beruvchi korxona yoki tashkilotdagi mavjud vakant o‘rinlar, u yerdagi mehnat va maishiy-madaniy shart-sharoitlar, ish haqi miqdorlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyati ega bo‘lishdi.O‘z navbatida tadbirda qatnashgan korxona va tashkilotlar ham talabalar bilan bevosita suhbat o‘tkazish, o‘zlariga zarur bo‘lgan kadrlarni tanlab olish va o‘zaro manfaatli shartnomalar hamda kelishuvlar rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Hozirgi kunda universitetda matematika-fizika, kimyo-biologiya, ekologiya, ijtimoiy fanlar, tarix, sotsiologiya, psixologiya va boshqa yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda.