“Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasi bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi

Joriy yilning 13-mart sanasida O‘zbekiston Milliy universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov boshchiligidagi bir guruh mas’ullar, nazariy bilim va amaliy laboratoriya faoliyatini uyg‘unlashtirish maqsadida “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasiga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi – ilmiy va amaliy faoliyatni yanada rivojlantirish, shu jumladan, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali ta’lim sifatini oshirish va amaliy tadqiqotlarda hamkorlikni mustahkamlash edi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolariga labaratoriya xodimlari tomonidan so‘nggi rusumdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan tuproq tahlil laboratoriyasi tanishtirildi. Ushbu laboratoriya, o‘zining yuqori sifatli
asbob-uskunalari bilan, 100 dan ortiq tuproq namunalari va 15 dan ortiq suv namunalarining tahlilini amalga oshiradi. Bu jarayonlar xalqaro standartlarga muvofiq olib borilmoqda va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va ekologiya sohalarida muhim ilmiy, texnik va amaliy ahamiyatga ega.

Shuningdek, korxonaning xalqaro aloqalari, dunyo miqyosida olib borayotgan hamkorliklari va tajriba almashish jarayonlari haqida ham so‘z bordi. Xalqaro tajriba almashish, xodimlar malakasini oshirish, va yangi bilimlarni olish orqali universitet va korxona o‘rtasida bilim va texnologiyalarni yanada samarali tarzda integratsiyalash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Universit va “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikda korxona xodimlari tomonidan universitet talabalariga va universitet qoshidagi mahallalarda istiqomat qiladigan sohaga qiziquvchi yoshlarga maxsus treninglar va seminarlar o‘tkazish, shuningdek, korxona hududida talabalarning nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llashlari uchun amaliyot kunlari tashkil etish masalalari ham kelishib olindi. Bu tashabbus, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bilan birga, talabalar va yoshlar uchun amaliy bilimlarni egallash, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va ularni real sohada qo‘llash imkoniyatlarini yaratadi.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top