Oliy Majlis Senati binosida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi

Joriy yilning 13-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati binosida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari a’zolari ishtirokida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari faoliyatini takomillashtirish, kengashlarning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, shuningdek, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini oliy ta’lim muassasalarida yanada samarali targ‘ib qilish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘z tajribalari va maslahatlari bilan o‘rtoqlashdilar. Uchrashuvda, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularni jamiyatda faolroq ishtirok etishga undash, shuningdek, yangi ijtimoiy va ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi. Ishtirokchilar kengashlarning ta’sirchanligini oshirish uchun innovatsion yondashuvlar va strategiyalarni joriy qilish, shu bilan birga, yosh avlodning ma’naviy tarbiyasiga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Quvonarlisi, tadbirda mehnati yuqori baholangan 26 nafar maslahat kengashi a’zolari maxsus e’tirof etildi. Shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, rektor maslahatchisi, dotsent Rustamova Ra’no Parpiyevna ham o‘zining samarali faoliyati uchun Oliy Majlis Senati tomonidan “Faxriy yorliq” va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi. Rustamova Ra’no Parpiyevnaning rahbarligida universitetdagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi faoliyati yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kengash ayollarni ilmiy va ijtimoiy sohalarda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbuslarni amalga oshirishda yetakchi o‘rin tutmoqda.

Uning boshchiligida kengash tomonidan xotin-qizlarni ilm-fanga va innovatsiyalar ishlab chiqishdagi o‘rnini kuchaytirish bo‘yicha bir qator yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ayniqsa, gender tenglikni ta’minlash, yosh qizlarning yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirish hamda ularni jamiyatda faol ishtirok etishga rag‘batlantirish borasida olib borilgan ishlar kengashning samarali faoliyatidan dalolat beradi.

Tadbirning yakunida barcha ishtirokchilar kelgusida kengashlar faoliyatini yanada kuchaytirish, ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha davlat siyosatini keng miqyosda amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlashga kelishib oldilar.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top