O‘zbek filologiyasi fakultetida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

O‘zbek filologiyasi fakultetida, san’at va madaniyatning turli sohalaridan vakillar ishtirokida, ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston xalq artisti, o‘zbek milliy musiqa san’ati rivojida ulkan hissa qo‘shgan kompozitor, bastakor va akademik Yunus Rajabiyning farzandi, O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy, hamda nabirasi, dotsent Javlon Rajabiy, taniqli shoir Abdurazzoq Obro‘ va Xalqaro Nordik universiteti talabasi Mohichehra Suyunbayeva ishtirok etishdi. Tadbirning nomi «Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!» bo‘lib, bu Navruz bayramning ma’nosi va ahamiyati haqida chuqur fikr yuritildi.

Tadbirda o‘zbek adabiyoti va she’riyatining o‘rni, milliy qadriyatlarimiz, shuningdek, Navro‘z bayramining tarixi va uning xalqimiz uchun ahamiyati haqida keng qamrovli ma’ruzalar tinglandi. Navro‘zning ildizlari qadim zamonlarga borib taqaladi va u nafaqat tabiatning yangilanishi, balki inson ruhiyatining poklanishi, yangi yilga kirishning ramzi sifatida qadrlanadi. Ushbu bayramning tarixiy va madaniy ahamiyati, uning xalqning turmush tarzida va rasm-rusmlarida tutgan o‘rni ham alohida ta’kidlandi.

Tadbir davomida, Hasan Rajabiy tomonidan ijro etilgan milliy musiqa namunalari, kuy va ashulalar ma’rifiy anjumanga bayramona ruh baxsh etdi. Ularning har biri o‘zbek milliy musiqasining betakror uslublarini va ijro texnikasini namoyish etib, tadbirga ishtirok etganlarga chuqur taassurotlar qoldirdi. Milliy musiqamizning bu nozik va ma’noli ijrosi ishtirokchilarda iliq taassurotlar uyg‘otdi va Navro‘z bayramining asl ruhini yanada jonlantirdi.

Tadbirning maqsadi, faqatgina san’at va madaniyatni yoritish emas, balki xalqimizning boy madaniy merosini yoshlar ongiga singdirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ularni kelajak avlodlarga etkazishdan iborat edi. Shu bilan birga, o‘zbek adabiyoti va musiqasining ahamiyatini tushunishga va ularni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan yirik tadbirlardan biri bo‘ldi.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top