O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida «Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirishda Axborot xizmatining o‘rni» mavzusida seminar-trening mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ishtirok etib, ushbu masala bo‘yicha ishtirokchilarga keng qamrovli ma’lumotlarni taqdim etdi va o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Seminar-trening interfaol usulda tashkil etilib, unda jamoatchilik bilan aloqalarning bugungi zamon talablariga mos vazifalari atroflicha yoritildi. Tadbirda davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan Axborot xizmatlarining zamonaviy ish uslublari, ularning faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, ularga qo‘yilayotgan yangi talablar haqida batafsil ma’lumot berildi. Axborot xizmatlarining davlat va jamoatchilik o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lib xizmat qilishi va bu borada innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ishlash zaruriyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida davlat tashkilotlarining jamiyat oldidagi ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga amal qilishida Axborot xizmatlarining o‘rni muhim ekani qayd etildi. Xususan, aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazish, davlat organlari faoliyati to‘g‘risidagi xabarlarni ommaviy axborot vositalariga yetkazish va ijtimoiy tarmoqlarda samarali ishlash bo‘yicha amaliy misollar keltirildi.
Bundan tashqari, davlat va jamoatchilik o‘rtasida muloqotni mustahkamlashning asosiy jihatlari, xususan, aholining ehtiyoj va talablarini inobatga olgan holda ochiq va samarali muloqot maydonlarini yaratish, shuningdek, axborot manbalarini tizimli ravishda ishlab chiqish va ulardan unumli foydalanish bo‘yicha muhim amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mutahasislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, Axborot xizmatlari faoliyatiga doir ilg‘or tajriba va uslubiyotlarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.