Universitet faxrilari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Milliy universitetining qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha mustaqil tadqiqotchisi Chilmurzayeva Maftuna Abdumannon qizi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali Psixologiya fakulteti 3-bosqich talabasi Xojiboqiyeva Niginaxon O‘tkir qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar.

Maftuna Chilmurzayeva – Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lib, adabiyotning nazm va badiiy tarjima yo‘nalishida ijod qiladi. U taniqli o‘zbek shoirlari va yozuvchilarining asarlarini ingliz tiliga tarjima qilib kelmoqda. Uning “Iftixor” nomli she’riy to‘plami nashr etilgan bo‘lib, bu to‘plamda yosh shoiraning ijodiy tafakkuri va o‘ziga xos uslubi aks etgan. Shuningdek, Maftuna Chilmurzayeva “Zomin” Respublika yosh ijodkorlar seminarining ishtirokchisi sifatida o‘zining mahoratini yanada oshirishga muvaffaq bo‘lgan. U adabiyotga bo‘lgan cheksiz muhabbati va mehnatsevarligi bilan boshqa tadqiqotchilardan ajralib turadi.

Niginaxon Xojiboqiyeva Nukus shahrida o‘tkazilgan matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadada bronza medalini qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, u “Yil talabasi” Respublika tanlovining sovrindori bo‘lib, shuningdek, turli tanlovlar va ilmiy musobaqalarda ko‘plab g‘olibliklarni qo‘lga kiritgan. Niginaxon Xojiboqiyeva o‘zining intilishlari va izlanishlari bilan nafaqat o‘z fakulteti, balki butun universitet jamoasida ham tanilgan. U kelajakda ilm-fan sohasida katta yutuqlarga erishishni rejalashtirgan va zamonaviy psixologiya bo‘yicha keng bilimlarga ega bo‘lishni maqsad qilgan.

Mazkur mukofotlar xotin-qizlar masalalari, uzluksiz ta’lim rivojida ayollarning tutgan o‘rni va ayollarning hayoti davomida kasbiy malakalarini rivojlantirish siyosatining faollashuvi nafaqat universitet doirasida, balki butun Respublika miqyosida ham dolzarb va e’tiborga loyiq ekanligining dalilidir.

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top