Davlatimiz rahbarining tashabbusi va xayrixohligi
bilan o‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha izchil
islohotlar davom etib kelmoqda. Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi
bo‘lgan milliy maqom san’atini keng targ‘ib etish, uning o‘ziga xos ijro
maktablari va an’analarini yangi bosqichda ravnaq toptirish hamda xalqaro
nufuzini oshirish yo‘lida juda katta ishlar olib borilmoqda.
Yuqoridagi sa’y-harakatlarning uzviy davomi sifatida
O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, Yunus
Rajabiy nomidagi maqom ansambli bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda milliy
maqom Renessansi an’analari” deb nomlangan konsert dasturi tashkil etildi.
Yoshlar orasida milliy maqom san’atini targ‘ib qilish,
ularning mumtoz asarlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shu orqali ma’naviy
dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan mazkur ma’rifiy konsertda
milliy musiqa san’ati va ilmining ardoqli vakillari, xalq hofizlari, xalq
artistlari, mahoratli sozanda va xonandalar, shuningdek, universitet
professor-o‘qituvchilari, xodimlari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot
vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Yig’ilganlar e’tiboriga zabardast san’atkorlar, maqom
ijrochilari, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonanda va sozandalari
ishtirokida milliy musiqamizning durdona asarlari havola etildi va
ishtirokchilar tomonidan iliq qrshi olindi.
Shuningdek, Universitet Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich
tashkiloti tashabbusi bilan universitet hududida tashkil etilgan «Dorilfunun»
musiqa va raqs ansambli, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi hamda Yunus
Rajabiy nomidagi maqom ansambli bilan hamkorlikda universitet talabalari va
universitetga biriktirilgan mahallalarda istiqomat qiladigan yoshlar orasida
milliy maqom san’atiga qiziquvchilarni saralab olish va ularni tarbiyalash
bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi. Bu tashabbus, yoshlar orasida milliy maqom
san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularning ma’naviy va madaniy
rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida amalga oshirilmoqda.