Oʻzbekiston Milliy Universitetida Turkiyaning Bahçeşehir Universiteti (Bahcesehir University — BAU) professori, fizika-matematika fanlari doktori Choriyor Ashuraliyev 2023-yil noyabr oyidan boshlab Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti “Hisoblash matematikasi va axborot tizimlari” kafedrasida oʻqituvchi sifatida faoliyat yuritmoqda. Ushbu universitetlararo hamkorlik xalqaro tajriba almashinuvi va universitetning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugun, 1-fevral kuni, Choriyor Ashuraliyev Amaliy matematika magistratura mutaxassisligi birinchi kurs talabalariga “Teskari masalalarni taqribiy yechish metodlari” mavzusida maʼruza oʻqidi. Ushbu maʼruza davomida talabalar teskari masalalarning nazariy va amaliy jihatlari bilan tanishib, ularni yechishning zamonaviy algoritmlari va usullari haqida qimmatli bilimlarga ega boʻldilar. Talabalar oʻrtasida jonli muhokamalar boʻlib oʻtdi va xorijlik professor oʻz sohasidagi chuqur tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Maʼlumot uchun, xorijlik professor-oʻqituvchilarni jalb qilish orqali universitetning xalqaro maydondagi nufuzi oshmoqda. 2023-yilda eʼlon qilingan Osiyo universitetlari reytingida Oʻzbekiston Milliy Universiteti ushbu koʻrsatkich boʻyicha 90-oʻrinni egalladi. Bu natija xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajribali professorlarni jalb qilish va taʼlim sifatini oshirish boʻyicha olib borilgan strategik chora-tadbirlarning samarasi hisoblanadi.
Choriyor Ashuraliyevning OʻzMUda olib borayotgan faoliyati nafaqat talabalar, balki mahalliy oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar uchun ham katta ahamiyatga ega boʻlib, u universitetning xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan integratsiyasini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.