O‘zbekiston Milliy universitetida milliy maqom san’ati ustalari ishtirokida konsert tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yangi O‘zbekistonda milliy maqom Renessansi an’analari” nomli konsert dasturi bo’lib o’tdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi va xayrixohligi bilan o‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar davom etib kelmoqda. Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’atini keng targ‘ib etish, uning o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarini yangi bosqichda ravnaq toptirish hamda xalqaro nufuzini oshirish yo‘lida juda katta ishlar olib borilmoqda.
Yuqoridagi sa’y-harakatlarning uzviy davomi sifatida O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekistonda milliy maqom Renessansi an’analari” deb nomlangan konsert dasturi tashkil etildi.
Yoshlar orasida milliy maqom san’atini targ‘ib qilish, ularning mumtoz asarlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shu orqali ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan mazkur ma’rifiy konsertda milliy musiqa san’ati va ilmining ardoqli vakillari, xalq hofizlari, xalq artistlari, mahoratli sozanda va xonandalar, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari, xodimlari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig’ilganlar e’tiboriga zabardast san’atkorlar, maqom ijrochilari, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonanda va sozandalari ishtirokida milliy musiqamizning durdona asarlari namoyish etildi.

Scroll to Top