Joriy yilning 15-yanvar sanasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi va 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan universitet hududida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni tashkil etishda Ijtimoiy fanlar fakulteti Yoshlar ittifoqi, fakultet tyutorlari va talabalar faol qatnashishdi. Shu bilan birga, tadbirda Vatanimiz Qurolli kuchlari safida xizmat qilgan faxriy ofitserlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida faxriy mehmonlar yoshlar hamda universitet xodimlari bilan O‘zbekiston Qurolli kuchlarining tarixi, rivojlanishi va ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlarni ulashishdi. Shuningdek, o‘z xizmat faoliyati davomida vatan himoyasi yo‘lida jonini fido qilgan haqiqiy fidoyilar xotirlandi.
Bundan tashqari, tadbirning madaniy qismida iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan badiiy dasturlar namoyish etildi. Tomoshabinlar diltortar kuy-qo‘shiqlar, raqs va vatanparvarlik ruhidagi she’rlar ijrosidan zavq olishdi.
Mazkur tadbir yoshlarning bilim va ma’rifatini oshirish, ularni milliy qadriyatlar va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilib, tadbir yakunida faol ishtirok etgan talabalar hamda faxriy mehmonlarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.