Bangladeshning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi OʻzMUda

Bugun Bangladeshning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Monirul Islom Oʻzbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.

Elchixona vakillarini Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Majidov Inomjon Urishevich boshchiligidagi OʻzMU rahbariyati kutib oldi.

Uchrashuv davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, kadrlar almashinuvi va akademik mobillik dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish va qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Elchi Muhammad Monirul Islom dunyodagi iqlim oʻzgarishi muammosiga alohida eʼtibor qaratdi va OʻzMU xodimlari bilan birgalikda iqlim oʻzgarishiga qarshi turli choralar ustida izlanish olib borish taklifini bildirdi. Jumladan, iqlim oʻzgarishi salbiy taʼsirlarini kamaytirish, moslashuv strategiyalarini ishlab chiqish va yashil texnologiyalarni targʻib qilish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Kelgusida qayta tiklanadigan energiya, barqaror qishloq xoʻjaligi va shahar iqlim barqarorligi boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Uchrashuvda tomonlar mazkur tashabbuslarni izchil amalga oshirishga kelishib oldilar, bu esa global iqlim harakatlariga hissa qoʻshish va Oʻzbekiston hamda Bangladesh oʻrtasidagi ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Scroll to Top