Adliya vazirligida Ochiq eshiklar kuni

Joriy yilning 5-yanvarida Adliya vazirligida Ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Adliya vazirligi binosida tashkil etilgan tadbirda adliya tizimidagi faoliyatga oid turli mavzularga doir burchaklar tashkil qilindi. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi talabalar orasida huquqiy jarayonlar haqida xabardorlikni oshirish, adliya tizimini chuqurroq tushunishga ko‘maklashish hamda yoshlarning huquqiy va ijtimoiy innovatsiyalarda faol ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan edi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti «Huquqiy fanlar» kafedrasi Patentshunoslik yo‘nalishi talabalari ishtirok etib, soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Bu uchrashuv davomida talabalar huquqiy bilimlarini kengaytirish, amaliyotga oid muhim ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

Mazkur burchaklarda intellektual mulkka tegishli ixtiro, foydali model, sanoat namunalari, sud-ekspertizaga oid jihozlar, davlat xizmatlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, arxiv hujjatlaridan namunalar, **Lex.uz** faoliyati, «Adolat» Milliy huquqiy axborot markazi tomonidan nashr etilayotgan eng so‘nggi qo‘llanma va kitoblar bilan tanishib, mahoratli gidlar yordamida vazirlikka oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Bu jarayon ishtirokchilarga huquqiy tizimning har bir jihatini chuqurroq tushunishga imkon berdi.

Ushbu tashabbus nafaqat ishtirokchilarning bilimlarini kengaytirish, balki ularni huquq va adliya sohasiga qo‘shadigan potentsial hissalari haqida tanqidiy fikrlashga ham xizmat qildi. Tadbir yoshlarni huquqiy va ijtimoiy jarayonlarga yanada faolroq jalb qilish uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, tadbir davomida Adliya vazirligi bo‘lajak yetakchilarni tarbiyalash, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va bilim taraqqiyotini hamda adolatni ta’minlovchi jamiyat qurishga sodiqligini namoyish etdi. Tashabbus yoshlarning kelajakdagi muvaffaqiyatli faoliyati uchun kuchli bilim va ilhom manbai bo‘ldi.  

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top