Joriy yilning 5–10-fevral kunlari Belarus va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari hududlararo ta’lim forumi o‘tkazildi. Mazkur forum doirasida Belarus Respublikasi Ta’lim vaziri Andrey Ivanets boshchiligidagi 8 nafar rektorlar delegatsiyasi ayni vaqtda O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Forum doirasida O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurgan Belarussiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarini O‘zMU rektori Inom Madjidov kutib oldi.
Ayni vaqtda mazkur davra suhbatida Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti rektori Vadim Bogush, Belarus davlat texnologiya universiteti rektori Igor Voytov, A.S. Pushkin nomidagi Brest davlat universiteti rektori Yuriy Golubev, Y. Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti rektori Irina Kiturko, Belarus davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasi rektori Vitaliy Velikanov, Polotsk Yevfrosin nomidagi Polotsk davlat universiteti rektori Yuriy Romanovskiy, Belarus milliy texnika universiteti rektori Sergey Xaritonchik ishtirok etmoqda.
Shuningdek, Belarus oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan ushbu xalqaro tadbirda respublikamizning 10 dan ortiq universitetlari rektorlari ham qatnashmoqda.
O‘zbekiston Milliy universitetida Belarus va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv yakunida bir qator hamkorlik shartnomalari, kelishuvlar imzolandi.
Jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti bilan Belarus davlat informatika va radioelektronika, shuningdek, Brest davlat universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan Belarus davlat texnologiya universiteti, Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan Belarus davlat texnologiya universiteti, shuningdek, Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti, Namangan davlat pedagogika universiteti bilan Polosk davlat universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomalari, memorandumlar imzolandi.