
Ayollarni jismoniy va ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali ularning jamiyatdagi faolligini oshirish va teng imkoniyatlardan foydalanishlariga ko‘maklashish maqsadida Toshkent shahrida AQSh elchixonasi tomonidan ayollar uchun o‘z-o‘zini himoya qilish mashg‘ulotlariga bag‘ishlangan trening loyihasi tashkil etildi.
Loyihaning yakuniy bosqichida O‘zbekiston Milliy Universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti «Ijtimoiy psixologiya» kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi Ruxsora Qudratullayeva soha mutaxassislari bilan birgalikda maxsus treninglar o‘tkazdi. Ushbu mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar jismoniy tahdidlardan himoyalanish usullari, ruhiy salomatlikni saqlash va shaxsiy huquqlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdi.
Loyihaning yakuni sifatida AQSh elchixonasida taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi Prezidenti va Osiyo Olimpiya Kengashining vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.
Tadbirda faol ishtirokchilar sertifikatlar, medallar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.