Daryo va ko‘llarning ekotizim barqarorligidagi ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universiteti Ekologiya fakulteti va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda 2-fevral — “Butunjahon suv-botqoq hududlari kuni” munosabati bilan “Daryo va ko‘llarning ekotizim barqarorligidagi ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida biologik xilma-xillik ishonchli saqlanishini ta’minlash, xususan, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni 12 foizgacha kengaytirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistonda suv-botqoq hududlari qariyb bir million gektarni tashkil etib, 500 dan ortiq ko‘llar mavjud. Respublika hududi orqali ko‘chib yuruvchi qushlarning ko‘plab turlari uchun suv-botqoq hududlari qulay qo‘nimgoh bo‘lib xizmat qilmoqda.
Seminarda deputatlar tomonidan suv-botqoq hududlarning o‘rmon hududlarga nisbatan uch barobar tez kamayib ketishi ehtimoli mavjud ekanligi qayd etildi. Bu jiddiy muammo va bunday yerlarni saqlash insoniyat uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
Talaba-yoshlar tomonidan daryo va ko‘llarni, suv-botqoq hududlarini muhofaza qilish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari atroflicha javoblar berishdi.

 

Scroll to Top