Joriy yilning 3-may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida Ijtimoiy fanlar fakulteti Etika va estetika kafedrasi hamda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti hamkorligida “Ijtimoiy-gumanitar fanlarning dolzarb masalalari va zamonaviy tendensiyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada respublika va xorijiy oliy o‘quv yurtlarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, ilmiy-tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar, doktorantlar, magistrlar va talabalar ishtirok etib, ijtimoiy-gumanitar fanlarning dolzarb masalalari va ularning yechimlari yuzasidan o‘z ilmiy maqolalarini taqdim etdilar. Jumladan ishtirokchilar konferensiyaning yalpi majlisida Rossiyaning M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti dotsenti I. Avdeyeva, Rossiya Innopolis universiteti professori A. Karimov, Belorussiya davlat universiteti dotsenti V. Sokolchik, Qozog‘istonning Yevroosiyo Milliy universiteti professori R. Imanjusup va katta o‘qituvchi T. Mustafina, Janubiy Qozog‘iston universiteti Falsafa kafedrasi mudiri M. Spanov, dotsentlar M. Raximshikova, M. Tanatarova va Kirg‘izistondan Osh davlat universiteti professori T. Kudayberganovlarning ma’ruzalarini tinglashga muvaffaq bo‘lishdi.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar, inson kamoloti, turmush tarzi, ma’naviy hayoti, dunyoqarashning o‘zgarishi bilan bog‘liq omillarning nazariy va amaliy jihatlari, milliy va umumbashariy qadriyatlarning falsafiy mohiyatini tahlil qilishda ijtimoiy-gumanitar fanlarning roli, falsafiy tafakkurning ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotdagi o‘rnini aniqlashga oid masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.
- Konferensiya o‘z ishini quyidagi sho‘balarda davom ettirdi:
- Inson kamolotida ijtimoiy-gumanitar fanlarning ahamiyati;
- Madaniy taraqqiyotning ilmiy asoslari;
- Virtual olamda axloqiy va estetik ko‘rinishdagi global tahdidlar va ularning yechimi.
Tadbir davomida ishtirokchilar, ilg‘or ilmiy g‘oyalar va zamonaviy metodologiyalarni muhokama qilgan holda, ijtimoiy-gumanitar fanlarning ahamiyatini yanada kengaytirish va ularning jahon miqyosidagi muammolarni hal etishdagi rolini oshirish masalalarida o‘z fikrlarini bildirdilar.