O‘zbekiston Milliy universitetida buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi munosabati bilan “Mirzo Ulug‘bek – buyuk mutafakkir olim va davlat arbobi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Xalqaro anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev so‘nggi yillarda buyuk allomalarimiz qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, Mirzo Ulug‘bekning davlat arbobi va qomusiy olim sifatidagi faoliyati haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Konferensiyada 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlar, ya’ni Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Ispaniya, Germaniya, Turkiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, shuningdek, respublikaning oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa muassasalarning ilmiy xodimlari, tadqiqotchilar ishtirok etishdi.
Nakamura Katsuxiro, Yaponiyaning Osaka universiteti faxriy professori
Mirzo Ulug‘bek va Xorazmiy avlodlari tomonidan astrofizika sohasida O‘zbekistonda ilg‘or ilmiy maktablar yaratilib, ularning merosi munosib davom ettirilmoqda. Men ayni vaqtda O‘zbekistondagi Maydanak observatoriyasi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Avvalo, mazkur inshoot bugungi kunda o‘zining noyob astroiqlimi bilan jahonning eng yetakchi beshta observatoriyalaridan biri hisoblanadi.Bugungi kunda ushbu observatoriyada yaponiyalik olimlar bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.