Bugun Malayziyaning Terenganu universiteti Vitse kansleri Prof. Datoʻ Dr. Mazlan bin Abd Ghaffar boshchiligidagi delegatsiya OʻzMUga tashrif buyurdi.
Uchrashuvni Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor Shuxrat Toshmatov va Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Yoqub Ergashov boshchiligidagi OʻzMU xodimlari kutib olishdi.
Uchrashuvda Malayziyaning Trenganu universiteti bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ikki universitetning ilmiy laboratoriyalaridan birgalikda foydalangan holda tadqiqotlar olib borish, tuproqshunoslik yoʻnalishida Orol dengizi muammosini bartaraf etish yoʻllarini oʻrganish xususida takliflar bildirildi.
Shu bilan birga ikki universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeyini oshirish maqsadida hamkorlikda ilmiy maqolalar chop etish, birgalikda talabalar uchun yozgi maktablar tashkil qilish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar akademik mobilligini yanada kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida yuqorida sanab oʻtilgan yoʻnalishlarda hamkorlik amalga oshirish uchun koordinatorlar belgilanib, zoom uchrashuv oʻtkazishga kelishib olindi.