Bugun, O‘zbekiston Milliy universitetida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Globallashuv davrida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash: muammo va yechimlar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Tadbir mehmonlari tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, ularning turli sohalarda qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirdan maqsad milliy davlatchiligimiz tarixi, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish orqali ayollar va yoshlarni milliy birdamlik, vatanga sadoqat, milliy o‘zligidan faxrlanish tuyg‘ularini kuchaytirishdir.
Konferensiyada 300 nafardan ortiq tadqiqotchi ayol-qizlarimiz qadriyatlarimizni asrab-avaylash, tiklash va boyitishga doir maqolalari bilan ishtirok etdi.
Konferensiyada Milliy tiklanish demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova, Yoshlar ishlari agentligi direktori maslahatchisi Mehrinoz Abbosova, Qizlar Ovozi klubi ma’sul xodimi Nilufar Matkarimova, “Suzane Sultan” kashtachilik maktabi asoschisi Mohira Sultonova kabi o‘z sohada muvaffaqiyatga erishgan mutaxassislar ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.