O‘zbekiston Milliy universitetida 11 noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalar kuni” bayrami munosabati bilan taqdirlash marosimi va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Unda yuqori kasaba uyushmasi tashkilotlaridan mehmonlar, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar, tashkilot faxriylari va faollari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” bayrami munosabati bilan universitetda o‘quv, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, jamoat va xo‘jalik ishlarida faol bo‘lgan professor-o‘qituvchi va ishchi-xodimlarga O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, Toshkent shahar kengashi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar, faxriy yorliqlar hamda sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar taqdim etildi.
Ma’lumot o’rnida, O‘zbekiston Milliy universitetida Kasaba uyushma qo‘mitasi o‘z safiga 3 500 nafardan ortiq kasaba uyushma a’zolarini birlashtirgan. Ko‘p tarmoqli tashkiliy tarkibga ega bo‘lib, 17 ta fakultet, Biofizika va biokimyo instituti, Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti, Nanotexnologiyalarni rivojlantirish markazi, Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi hamda Pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish mintaqaviy markazi, hammasi bo‘lib 29 ta boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti mavjud bo‘lib, har birida boshlang‘ich kasaba uyushma raislari faoliyat ko‘rsatadi.