Bugun, 23-oktabr kuni Xitoyning Renmin universiteti delegatsiyasi O‘zbekiston Milliy universitetida bo‘ldi. Mehmonlarni O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Tashqi ishlar vazirligi vakili Doniyor Qurbonov hamda Uslubiy ta’minlash va ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha prorektor Ravshan Musurmonovlar kutib olishdi.
O‘zMU rektori Xitoy Renmin universiteti kengash raisi Chjan Dungan bilan universitetlar faoliyati, yutuq va natijalar, shuningdek, o‘zaro hamkorlik salmog’i hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar va izlanishga doir ma’lumotlar almashish bo’yicha kelgusida e’tibor qaratish lozim bo’lgan jihatlar haqida fikr almashdi.
Ikki universitet o‘rtasida ilm-fanning turli tarmoqlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro hamkorlikda xalqaro forumlar tashkil qilish xususida kelishib olindi. Ushrashuv yakunida Xitoy Renmin universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Xitoy va O‘zbekiston, ikki universitetning o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan ushbu uchrashuv Milliy taraqqiyot va strategiya akamediyasi, Xitoy Renmin universiteti hamda Yevrosiyo ilmiy tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy Renmin universiteti 1937-yilda o’z faoliyatini boshlagan. Dunyodagi eng taniqli va obro‘li ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, har yili Xitoyning milliy reytingida ham yuqori o’rinlarni egallaydi. «San’at va gumanitar fanlar», «Ijtimoiy fanlar va menejment» kabi yo’nalishlarda oliy ta’lim sifati bilan mashhur.