O’zbekistondagi birinchi onlayn kutubxonasi “Kitob Plus” loyihasi taqdimoti

2023-yilning 30-noyabr kuni O’zbekiston Milliy universiteti hamkorlaridan biri  Toshkent Shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi Yoshlar ishlari agentligining press-klubida Oʻzbekistonda birinchi koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay va bepul audiokitoblarning birinchi onlayn kutubxonasi “Kitob Plus” loyihasining gibrid formatdagi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 70 mingdan ortiq koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar boʻlib, ular har kuni axborotdan foydalanish va maxsus texnologiyalarning yetishmasligi bilan bog’liq muammolarga duch kelmoqda. “Gapiruvchi” kitoblar koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi insonlar hayotida alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekistonda audiokitoblar bozori bosqichma-bosqich rivojlana boshlaganiga va audiokitoblarni tinglash uchun turli mobil ilovalar ishlab chiqilayotganiga qaramay, mavjud audiokitob platformalari qimmatligi va koʻzi ojizlar ehtiyojlariga moslashtirilmaganligi sababli koʻrish boʻyicha nogironligi bor koʻplab odamlar uchun ulardan foydalanishga turli xil toʻsiqlar bor. Shu paytgacha koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar uchun audiokitoblarni ochiq va qulay formatlarda birlashtirgan yagona onlayn platforma mavjud emas edi.
Ushbu muammolarning innovatsion va inklyuziv yechimi sifatida Toshkent Shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi  Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining moliyaviy koʻmagida koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun audiokitoblar onlayn kutubxonasini ishlab chiqish boʻyicha “Kitob Plus” loyihasini tashkil etdi. Loyihadan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekistondagi koʻrish boʻyicha nogironligi bor shaxslar uchun barcha audiokitoblar, radio spektakllar va boshqa audio materiallarni bir joyda jamlaydigan, qulay va bepul veb-sayt va uning Kitob Plus mobil ilovasini yaratishdan iborat. Loyihaning dastlabki bosqichlarida bugungi kunda koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun kamida 500 ta audio kitob va 300 ta radio spektakl taqdim etildi.
Taqdimotda quyidagi qator tashkilotlar a’zolari ishtirok etishdi:
mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, shuningdek, blogerlar;
koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar, ularning oila aʼzolari va ularning huquq va manfaatlarini ifodalovchi jamoat tashkilotlari;
taʼlim, axborot texnologiyalari va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish sohasida faoliyat yurituvchi davlat organlari vakillari;
hamkorlar va “Kitob Plus” loyihasini qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor biznes vakillari.

Scroll to Top