Zamonaviy falsafa rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan olima

O‘zbekiston ilm-fanida o‘zining serqirra faoliyati bilan alohida o‘rin egallagan olimalardan biri – Nigina Shermuxamedova hisoblanadi. U nafaqat yuksak malakali pedagog va tadqiqotchi, balki xalqaro ilmiy maydonda ham faol ishtirok etib kelayotgan yetuk mutaxassis sifatida tanilgan.

Bugungi kunda Nigina Shermuxamedova xorijiy ilmiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida ham samarali faoliyat olib bormoqda. Xususan, u Rossiya, Qozon, Sankt-Peterburg va Qozog‘istondan bo‘lgan 3 nafar xorijiy tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilmoqda. Bu esa uning ilmiy maktabi xalqaro miqyosda ham e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.

Nigina Shermuxamedova ilmiy-tashkiliy faoliyatda ham yetakchi hisoblanadi. U O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy kengash raisi, ilmiy seminar a’zosi hamda “Falsafa va hayot” xalqaro jurnalining bosh muharriri sifatida faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi qator xalqaro jurnallar tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi.

Olima xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarda faol qatnashib, AQSH, Yaponiya, Xitoy, Koreya, Shvetsiya, Shveytsariya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va boshqa ko‘plab davlatlarda o‘tkazilgan nufuzli kongress, simpozium va konferensiyalarda ma’ruzalar bilan ishtirok etgan. U nafaqat ishtirokchi, balki ushbu anjumanlarning tashkiliy qo‘mitasi a’zosi sifatida ham faol qatnashib kelmoqda. Xususan, 2022-yilda Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan turkiy xalqlar adabiyoti kitob festivalida falsafa yo‘nalishidagi turkum asarlari bilan qatnashib, 1-darajali mukofot bilan taqdirlangan.

2022-yildan boshlab uning tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy universiteti falsafa bakalavr yo‘nalishiga “Turkiy xalqlar falsafasi”, “Barqaror taraqqiyot va globallashuv jarayonlari” hamda “Tarbiya va ta’lim” fanlari kiritildi. Ushbu yo‘nalishlarda xorijiy olimlar bilan hamkorlikda o‘quv adabiyotlari tayyorlanayotgani alohida e’tiborga loyiq.

Uning pedagogik va ilmiy faoliyati yuqori baholanib, “Yilning eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti” respublika tanlovida bir nechta sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, “2017-yilning eng yaxshi pedagogi” tanlovi g‘olibi bo‘lgan.

Olima ko‘plab davlat va xalqaro mukofotlar, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining 20 yilligi”, “30 yilligi”, “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari, shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya va Qozog‘istonning nufuzli medallari bilan taqdirlangan.

Scroll to Top