Fizika fakulteti talabalari – ilmiy izlanishlar markazida
Fizika fakulteti talabalari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutiga tashrif buyurib, zamonaviy ilm-fan yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu tashrif talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, ularni amaliy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish hamda ilmiy tadqiqotlarga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Tashrif davomida institut mutaxassislari tomonidan talabalarga quyosh energiyasidan samarali foydalanish texnologiyalari, yuqori haroratli qurilmalar hamda zamonaviy laboratoriyalarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, innovatsion tadqiqotlar va ularning sanoat hamda energetika sohasidagi ahamiyati talabalarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tashrifda Umumiy fizika kafedrasi mudiri D. Begmatova hamda tyutorlar faol ishtirok etib, talabalarga kerakli yo‘riqnoma va tavsiyalar berdilar. Ular yoshlarning ilmiy izlanishlarga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlab, kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlari uchun muhim maslahatlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Mazkur tashrif talabalarning ilm-fanga bo‘lgan intilishini yanada kuchaytirib, ularning kasbiy rivojida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi. Bunday amaliy uchrashuvlar yosh avlodni ilmiy faoliyatga jalb etishda va ularning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam poydevor yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.