Talabalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar
Bugungi kunda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularni turli salbiy illatlar va yot g‘oyalar ta’siridan asrash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy universitetining barcha fakultetlarida talabalar ishtirokida profilaktik tadbirlar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Mazkur tadbirlarda tegishli mas’ullar, jumladan, rektor maslahatchisi J. Ruziyev, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Sh. G‘ulomov hamda profilaktika katta inspektori, podpolkovnik A. Abdulhaqov faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan talabalarga huquqiy madaniyatni oshirish, qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish hamda jamiyatda sodir bo‘layotgan turli salbiy holatlarga befarq bo‘lmaslik borasida muhim tavsiyalar berilmoqda.
Tadbirlar davomida ayniqsa yoshlarni yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, talabalarga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar iste’molining inson salomatligi va kelajagiga salbiy ta’siri, ularning noqonuniy aylanishi uchun javobgarlik masalalari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etishning oqibatlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli provokatsion chaqiriqlarga aldanmaslik, har bir xabar va ma’lumotni tanqidiy tahlil qilish zarurligi ta’kidlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish, halollik va adolat tamoyillariga amal qilish esa har bir talabaning fuqarolik burchi ekani alohida qayd etildi.
Shu kabi profilaktik tadbirlar yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda turli salbiy illatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Kelgusida ham bunday uchrashuv va davra suhbatlarini muntazam davom ettirish rejalashtirilgan.