Psixologiya kafedrasida ochiq trening

qayta aloqa ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Psixologiya kafedrasida navbatdagi ochiq ma’ruza mashg‘uloti tashkil etildi. Mazkur mashg‘ulotni kafedra katta o‘qituvchisi Abdimadjidova Dildora 3-bosqich “Yoshlar psixologiyasi” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun olib bordi.

Dars “Shaxs kamoloti bo‘yicha trening asoslari” fani doirasida “Qayta aloqa olish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun mashqlar” mavzusiga bag‘ishlandi. Mashg‘ulot davomida talabalar psixologik trening jarayonida qayta aloqaning ahamiyati, uning samarali tashkil etilish tamoyillari hamda turli amaliy mashqlar orqali ushbu ko‘nikmani rivojlantirish usullari bilan tanishtirildi.

Shuningdek, psixologik trening qoidalariga rioya qilish, mashg‘ulot jarayonida qo‘llanilayotgan texnika va metodikalardan kutilayotgan natijalarni to‘g‘ri baholash hamda ishtirokchilardan samarali qayta aloqa olish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Amaliy misollar va interaktiv usullar orqali talabalar mavzuni yanada chuqurroq anglash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Mashg‘ulot jarayonini kuzatish maqsadida mehmon o‘qituvchi sifatida kafedra dotsenti Z. Abduraxmonova tashrif buyurdi va darsni tahlil qildi. Ochiq ma’ruza bahs-munozaralarga boy, interaktiv va qiziqarli ruhda o‘tdi. Talabalar faol ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda mavzu yuzasidan savol-javoblar olib borildi.

Mazkur ochiq mashg‘ulot talabalarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning trening olib borish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qildi.

Scroll to Top