Inklyuziv ta’lim: imkoniyatlar, muammolar va rivojlanish istiqbollari
2025-yil 22-dekabr kuni Toshkent shahridagi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Taʼlim tizimida inklyuziv muhit: nogironligi bor shaxslar uchun imkoniyatlar va mavjud toʻsiqlar” mavzusida jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda vazirlik masʼullari, Jamoatchilik kengashi aʼzolari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, oliy va kasbiy taʼlim muassasalari mutaxassislari, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar. Eshituvni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida 2025-yil davomida oliy taʼlim va ilm-fan sohasida amalga oshirilgan ishlar, xususan, Prezident, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari ijrosi haqida maʼlumot berdi. |
Qayd etilishicha, 2025-yil dekabr holatiga ko‘ra vazirlik zimmasiga yuklatilgan 966 ta topshiriqning 714 tasi (73,9 foiz) to‘liq bajarilgan, 612 ta asosiy topshiriqlardan 475 tasi (77,6 foiz) ijro etilgan, qolganlari esa jarayonda. Shu bilan birga, vazirlik tomonidan qabul qilinayotgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga muvofiqligi nuqtayi nazaridan tizimli tahlil qilinayotgani taʼkidlandi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipov taʼlimda inklyuziv muhitni shakllantirish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning taʼlim olish huquqini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida qayd etdi. |
Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, 2025-yilda I–II guruh nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun 3 907 ta qo‘shimcha davlat granti kvotasi ajratilib, 3 258 nafar yosh oliy taʼlim muassasalariga talabalikka tavsiya etilgan. Shuningdek, ko‘zi ojiz abituriyentlar uchun alohida kirish imtihonlari tashkil etilgani, magistratura bosqichiga qabulda ayrim toifadagi fuqarolar uchun xorijiy til sertifikati talabi bekor qilingani inklyuziv taʼlimni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida eʼtirof etildi. |
Tadbir davomida O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi vakillari, talabalar va ilmiy tadqiqotchilar tomonidan inklyuziv taʼlim amaliyoti, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi. Muhokamalarda oliy taʼlim muassasalari infratuzilmasini inklyuziv talablar asosida modernizatsiya qilish, talabalar turar joylarini moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalari muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi.