Giyohvandlik va ekstremizmga qarshi kurash: yoshlar uchun ogohlik darsi
Yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatayotgan omillar haqida batafsil suhbat
O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlarning huquqiy ongini mustahkamlash, ularni giyohvandlik, huquqbuzarlik va turli yot g‘oyalardan himoya qilishga qaratilgan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda IIV Akademiyasi magistratura tinglovchilari, podpolkovnik Qahramon Ergashov va Elyor Yahyoyevlar ishtirok etib, bugungi kunda yoshlar duch kelayotgan xavf va tahdidlar, ularning ijtimoiy oqibatlari xususida atroflicha ma’lumot berdilar.
Uchrashuv avvalida ma’ruzachilar zamonaviy axborot oqimlari, internet kengayishi va turli shubhali kontentlarning yoshlar ongiga salbiy ta’siri haqida so‘z yuritdilar. Ular tomonidan yosh avlodning tashqi ta’sirlarga tez berilmasligi, mustaqil fikr yuritishining ahamiyati va eng muhimi — o‘z hayotini qadrlash, to‘g‘ri yo‘lni tanlay olish qobiliyati haqida motivatsion fikrlar bildirildi.
Bugungi globallashuv davrida yoshlar ongiga kuchli ta’sir qilib, ularni adashgan yo‘lga boshlashi mumkin bo‘lgan omillar haqida real misollar asosida tushuntirishlar berildi.
Giyohvandlik xavfi — jamiyat uchun jiddiy tahdid
Tadbir davomida narkotik moddalar va psixotrop dori vositalari iste’molining oqibatlari yoritildi. Ma’ruzachilar odam organizmida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar, ruhiy iztiroblar, turmushdagi izdan chiqishlar, oilaviy muammolar va eng achinarlisi — insonning kelajagi butunlay barbod bo‘lishi mumkinligi haqida misollar keltirdilar.
Ular qat’iy ta’kidladilarki, giyohvandlik nafaqat bir insonning salomatligiga, balki butun jamiyatning barqarorligiga, farovonligiga va xavfsizligiga katta tahdid soladi.
Yig‘ilishda radikalizm, diniy ekstremizm va terrorchi guruhlar tomonidan yoshlarni o‘zlariga og‘dirib olishda qo‘llanilayotgan psixologik va axborot usullari haqida ham tushuntirish berildi.
Radikalizm va ekstremizmga qarshi ogohlik
Yoshlarning internetdagi noma’lum sahifalar, guruhlar va chaqiriqlar orqali aldov va manipulyatsiyaga uchrab qolishi ehtimoli yuqoriligi alohida qayd etildi. Shu munosabat bilan:
axborotni tanqidiy qabul qilish,
manbani tekshirish,
shubhali sahifalar va guruhlardan yiroq yurish
kabi ko‘nikmalarning har bir yosh uchun zarur ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mavzuga oid videoroliklar namoyish etilib, giyohvandlikka berilib ketgan yoshlarning hayotiy qismatlari, radikal guruhlarga aldanib qolganlarning achchiq taqdirlari ko‘rsatildi. Bu materiallar tadbir ishtirokchilariga mavzuning naqadar jiddiy va dolzarb ekanini yanada yaqqol anglatdi.
Tadbir yakunida yoshlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Ishtirokchilar bunday uchrashuvlar ularda huquqiy madaniyatni oshirish, o‘zini himoya qilish, mustaqil fikrlash va mas’uliyatni his qilishda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Shubhasiz, bunday ma’rifiy tadbirlar yosh avlodning ma’naviy immunitetini mustahkamlash, ularni turli salbiy illatlardan saqlash va sog‘lom, barqaror jamiyat qurishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Ogoh yosh — bu nafaqat o‘z kelajagini, balki butun mamlakat kelajagini himoya qila oladigan kuchdir.