Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish — yoshlar huquqiy madaniyatini yuksaltirish sari muhim qadam
O‘zbekiston Milliy universitetida huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan profilaktik tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirda Ichki ishlar vazirligi mas’ullari, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning huquqiy ongini yuksaltirish va mas’uliyat hissini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida Ichki ishlar vazirligi vakillari talabalarga huquqiy madaniyatni shakllantirish, qonunlarga hurmat ruhida yashash, shuningdek, o‘z huquq va majburiyatlarini to‘g‘ri bilish zarurligi haqida batafsil tushunchalar berdi. Tadbir ishtirokchilari o‘z so‘zlarida ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik yoshlarni turli huquqbuzarliklardan himoya qilishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.
Tadbir doirasida kiberxavfsizlik, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish, terrorizm va ekstremizmning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar talabalarga ushbu sohalarda uchraydigan muammolar, xavfsizlik choralari, shuningdek, turli xavf-xatarlarning oldini olish yo‘llari haqida amaliy tavsiyalar berdilar.
Shuningdek, yig‘ilishda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, soha mutaxassislaridan batafsil javoblar oldilar. Bu esa yoshlarning mavzuga bo‘lgan qiziqishini va ularning huquqiy savodxonligini oshirishga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga huquqiy madaniyat va qonunlarga hurmat har bir fuqaroning burchi ekanligi, ayniqsa, yosh avlod orasida bu qadriyatni shakllantirish mamlakatimiz kelajagi uchun beqiyos ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularni sog‘lom fikrlashga, qonunlarga hurmat bilan yondashishga undash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.