Vatan himoyachilari kuni hamda Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi
Harbiy parad – tadbirning tantanali boshlanishi
O‘zbekiston Milliy universitetida 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi keng nishonlandi. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan ushbu tadbir joriy yilda “Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida tashkil etilib, mazmun-mohiyati ham, ko‘lami ham bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir talabalar shaharchasidagi Beruniy maydonida o‘tkazilgan harbiy paraddan boshlandi. Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati, Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi mutasaddilari, O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati, universitet qoshidagi Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi xodimlari, professor-o‘qituvchilar, harbiylar hamda talabalar ishtirok etdi.Harbiy paradda Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazida tahsil olayotgan kursantlar saf tortib o‘tdi. Parad davomida harbiy intizom, jismoniy tayyorgarlik, saf madaniyati bo‘yicha namunali chiqishlar namoyish qilindi. Tadbir ishtirokchilari yoshlarning Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanayotganini bir bor his etdilar.
Harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Milliy universiteti bosh maydonida Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi tomonidan zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada harbiylarning kundalik xizmatida qo‘l keladigan turli texnik vositalar, zamonaviy qurollar, himoya vositalari, aloqa qurilmalari hamda maxsus jihozlar namoyish etildi.
Talabalar va mehmonlar harbiy texnika bilan yaqindan tanishish, ularning qo‘llanilishi, texnik xususiyatlari, qo‘llanish tartibi haqida harbiylar tomonidan berilgan batafsil ma’lumotlarni tinglash imkoniga ega bo‘ldilar. Ushbu ko‘rgazma yoshlar orasida harbiy soha va milliy armiyamizga nisbatan qiziqishni yanada oshirdi.
Faxriylar va harbiy xizmatchilarni eʼzozlash marosimi
Tadbirning eng hayajonli qismi – fidoyi harbiylar, faxriylar, professor-o‘qituvchilarni taqdirlash marosimi bo‘ldi. Bir guruh harbiy xizmatchilar, Harbiy tayyorgarlik o‘quv markazi o‘qituvchilari hamda universitetning faol professor-o‘qituvchilari Mudofaa vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori va universitet kasaba uyushmasining qimmatbaho sovg‘alari, faxriy yorliqlari hamda diplomlari bilan taqdirlandi.
Ayniqsa, Afg‘onistondagi harbiy harakatlarda qatnashgan professor-o‘qituvchilar va xodimlarning xizmatlari alohida e’tirof etildi. Ularga O‘zMU rektorining faxriy yorlig‘i, pul mukofotlari va O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasining “Fidoyi vatanparvar” ko‘krak nishoni topshirildi. Ushbu mukofotlar ularning yurt ravnaqi va tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati va vatanparvarligini chuqur e’tirof etishdir.
Tadbir davomida yoshlar ongida Vatanga muhabbat, fidoyilik, jasorat, halollik kabi yuksak qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar ham o‘tkazildi. Harbiy mutaxassislar talabalarga O‘zbekiston Qurolli Kuchlari rivojlanishi, zamonaviy armiyaning shakllanish jarayonlari, yoshlarning mudofaa tizimidagi ishtiroki haqida atroflicha ma’lumot berdilar.
Bugun O‘zbekiston armiyasi – nafaqat mamlakat mudofaasining tayanchi, balki yoshlar uchun ibrat maktabi, jasorat timsoli. Tadbirda ana shu jihatlar keng yoritildi va yoshlarning kelajakda harbiy sohaga bo‘lgan qiziqisini yanada rag‘batlantirdi.