OʻzMU — Yashil kelajak sari: Energiya samarador universitet sari dadil qadam
Universitetining Biologiya va ekologiya fakulteti professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahriga yoʻl olishdi. Ular bu safarni ezgu maqsad — “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida oʻtkazilayotgan Umumrespublika marafonida faol ishtirok etish uchun amalga oshirmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 9-noyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida butun respublika boʻylab marafonlarga start beriladi. Ushbu tashabbus nafaqat atrof-muhitni asrash, balki ta’lim muassasalarini ham barqaror rivojlanish va energiya samaradorlik yo‘nalishiga yo‘naltirishni koʻzda tutadi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti ham bu borada yetakchi oʻrinda turib, oʻz faoliyatini yashil texnologiyalarni joriy etish, ekologik ongni yuksaltirish va energiya samarador infratuzilma yaratishga qaratgan. Universitet jamoasi tomonidan olib borilayotgan ekologik aksiyalar, xususan “Yashil makon” loyihasida ishtirok etish — bu yo‘ldagi amaliy qadamlardan biridir.
Nukus shahrida o‘tkazilayotgan marafonda OʻzMU Biologiya va ekologiya fakulteti vakillari faol ishtirok etib, yoshlarni tabiatga mehr, yashil hayot tarziga sadoqat ruhida tarbiyalashga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bu nafaqat daraxt ekish tadbiri, balki barqaror va energiya tejamkor kelajak sari qadam hamdir.
OʻzMU jamoasi “Yangi hayotni yashil makonga aylantiramiz!” shiori ostida nafaqat ekologik tashabbuslarda, balki kampus hududlarida energiya samarador tizimlarni joriy etishda ham faol. Yangi qurilayotgan binolar, laboratoriyalar va o‘quv auditoriyalarida quyosh panellari, energiya tejamkor yoritish tizimlari hamda issiqlikni boshqarish texnologiyalari tatbiq etilmoqda.
Bugun OʻzMU talabalari va professor-o‘qituvchilari Nukusdagi eko-marafonda faol qatnashar ekan, ular bir vaqtning o‘zida energiya samarador universitet konsepsiyasini hayotga tatbiq etishning amaliy namunasini ko‘rsatmoqdalar.
Aziz talaba yoshlar, keling, yangi hayotni birgalikda yashil makonga aylantiraylik — barqaror va energiya samarador kelajak sari birgalikda odimlaylik!