Universitetda energiya samaradorlikka qaratilgan ta’mirlash ishlari: “Davlat va korporativ strategiyalar” kafedrasi joylashgan 801-auditoriya yangilandi

Universitet Iqtisodiyot fakultetida olib borilayotgan yangilanish ishlari zamonaviy talim muhitini yaratish bilan birga, yuqori energiya samaradorligi tamoyillariga ham asoslanmoqda. Shu doirada fakultet tarkibidagi “Davlat va korporativ strategiyalar” kafedrasi joylashgan 801-auditoriya to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi.

Ushbu ishlarning asosiy urg‘usi yuqori energiya samaradorligini ta’minlashga qaratildi. Ta’mirlash jarayonida energiya tejamkor yoritish tizimlari, shamollatish va isitish uskunalari o‘rnatildi, auditoriyaning devorlari, shifti va pol qismi zamonaviy issiqlikni saqlovchi materiallar bilan yangilandi. Natijada, xona ichki harorati barqaror saqlanib, elektr energiyasi sarfi sezilarli darajada kamaytirildi.

Shuningdek, o‘quv jarayonlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida auditoriya zamonaviy o‘quv-uslubiy texnik vositalar bilan ta’minlandi. Mazkur ishlar uchun jami 60 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Yangi qiyofa kasb etgan 801-auditoriya bugungi kunda nafaqat qulay ta’lim muhiti, balki barqaror energiya boshqaruvi va ekologik tejamkorlikni ta’minlovchi o‘quv maskani sifatida faoliyat yuritmoqda.

Mazkur loyiha universitetda amalga oshirilayotgan “Yashil kampus” tashabbusining amaliy ifodasi bo‘lib, O‘zbekiston Milliy universitetining qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, resurslarni tejash va ekologik barqarorlikni rivojlantirish yo‘lidagi izchil islohotlarining davomidir.

Bugun O‘zbekiston Milliy universiteti nafaqat ta’lim va fan sohasida, balki energiyani tejash va ekologik mas’uliyatni targ‘ib etishda ham yetakchi o‘quv maskan sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.

Scroll to Top