Universitetda ta’lim sifati va qulay muhit sari navbatdagi qadam — Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi joylashgan 5-qavat yangilandi
Universitet Iqtisodiyot fakultetida talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar uchun zamonaviy, qulay va energiya tejamkor o‘quv muhiti yaratish yo‘lida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Shu doirada, fakultetning “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi joylashgan 5-qavat “UzbekLeasing” kompaniyasi ko‘magida to‘liq kapital ta’mirdan chiqarildi.
Mazkur ta’mirlash ishlari o‘quv jarayonlarini zamonaviy talablarga mos sharoitlarda olib borish hamda kafedra faoliyatini yanada samarali tashkil etish maqsadida amalga oshirildi. Qurilish jarayonida auditoriyalar, xizmat xonalari va yo‘laklar yangilandi, devor va pol qoplamalari zamonaviy materiallar bilan almashtirildi, yoritish tizimlari energiya tejamkor chiroqlar asosida qayta o‘rnatildi, shuningdek, shamollatish vositalari yangilandi.
Ta’lim jarayonini innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etish maqsadida “UzbekLeasing” kompaniyasi tomonidan keng formatdagi zamonaviy monitor kafedraga sovg‘a qilindi. Ushbu texnik vosita o‘quv mashg‘ulotlarini interaktiv tarzda o‘tkazish, talabalarda mustaqil fikrlash va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini yaratadi.
Loyiha doirasida amalga oshirilgan bu yangilanishlar ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, shuningdek, universitetda yaratilayotgan barqaror va energiya samarador infratuzilmani mustahkamlashga xizmat qilmoqda. “UzbekLeasing” kompaniyasining ko‘magida bajarilgan bu tashabbus davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi ijtimoiy hamkorlikning samarali namunasi bo‘lib, ta’lim sohasiga amaliy qo‘llab-quvvatlashning yorqin ifodasidir.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rahbariyati tomonidan “Yashil universitet” konsepsiyasi doirasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida bugungi kunda o‘quv binolarida energiya tejamkor tizimlar joriy etilib, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish yo‘lida qator amaliy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yangilangan 5-qavat bugungi kunda ta’lim, ilm-fan va innovatsiya uyg‘unlashgan zamonaviy muhitga aylangan bo‘lib, talabalarning bilim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va professor-o‘qituvchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratildi.