O‘zMUda Son Mun universiteti taekvondo jamoasining shou-konsert dasturi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Janubiy Koreyaning Son Mun universiteti taekvondo jamoasi tomonidan ajoyib shou-konsert dasturi tashkil etildi. Tadbir doirasida Koreya va O‘zbekiston taekvondo ustalari o‘zaro hamkorlikda tayyorlagan mahorat ko‘rsatmalari tomoshabinlarga taqdim etildi.
Mazkur tadbir mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, sport va madaniy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etildi. Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov, Son Mun hamda Sunchonhyang universitetlari vakillari, boshqa rasmiy delegatsiya a’zolari hamda yuzlab talaba-yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Milliy universitetining Taekvondo va sport faoliyati fakulteti talabalari hamda universitetdagi sport to‘garaklari a’zolari o‘zlarining chiqishlarini namoyish etdilar. Ularning kuch, chaqqonlik va texnika uyg‘unligidagi chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng, Son Mun universitetining professional taekvondo jamoasi tomonidan dunyo miqyosida mashhur shou-taekvondo chiqishlari taqdim etildi. Ularning mahoratli zarbalari, sinxron harakatlari va sahna madaniyati yig‘ilganlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
Tadbir davomida tomonlar o‘rtasida taekvondo sporti orqali xalqaro tajriba almashinuvi, o‘quv dasturlarini boyitish, shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti va Janubiy Koreya oliygohlari o‘rtasida sport sohasida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Mutasaddilar taekvondo nafaqat sport turi, balki iroda, sabr, hurmat va o‘zini tuta bilish madaniyatini shakllantiruvchi vosita ekanini ta’kidlab, bunday madaniy va sport aloqalari yoshlar tarbiyasida katta ahamiyatga ega ekanini qayd etishdi.
Tadbir nihoyasida Son Mun universiteti taekvondo jamoasiga minnatdorchilik bildirilib, O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, Janubiy Koreya delegatsiyasi vakillari universitet muzeylari, o‘quv binolari va sport inshootlari bilan tanishdilar.
Mazkur shou-konsert dasturi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, madaniy yaqinlik va sport hamkorligining yorqin namunasi bo‘ldi.