“Talabalar ligasi”ning final bosqichi

O‘zbekiston Milliy universitetida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda besh muhim tashabbus doirasida qariyb olti oy davom etgan “Talabalar ligasi” sport musobaqalariga yakun yasaldi.

Mazkur musobaqalar futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi va shahmat kabi ommabop sport turlarini o‘z ichiga olib, talabalarning nafaqat jismoniy chiniqishiga, balki do‘stlik va jamoaviylik ruhini kuchaytirishga ham xizmat qildi.

Ushbu yirik sport tadbirida 16 ta fakultet talabalari hamda universitetga biriktirilgan Olmazor tumanining 4 ta mahallasidan tuzilgan jamoalar faol ishtirok etdi. Musobaqalar bosqichma-bosqich tarzda fakultetlararo, keyinchalik universitet miqyosida o‘tkazilib, saralangan jamoalar “Rektor kubogi” uchun bellashdilar.

Umumiy hisobda 15 mingga yaqin talabani qamrab olgan bu musobaqa o‘z ko‘lami va qiziqarliligi bilan ajralib turdi. Talabalar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga undash va universitet jamoasida ijobiy muhitni yaratish bu loyihaning asosiy maqsadlaridan bo‘ldi.

Kuni kecha “Talabalar ligasi”ning tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida g‘olib jamoalarga umumiy miqdori 62 million 500 ming so‘mlik pul mukofoti topshirildi.

Umumjamoa hisobida kuchli uchlikdan joy olgan fakultetlar quyidagilar bo‘ldi:
 1-o‘rin – Tarix fakulteti
 2-o‘rin – Biologiya fakulteti
 3-o‘rin – Geologiya va muhandislik geologiyasi fakulteti

Leave a Comment

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Scroll to Top