Samarqand – tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan shahar

O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari uchun tashkil etilgan navbatdagi ma’rifiy sayohat bu safar Sharqning bebaho durdonasi  Samarqand shahriga bag‘ishlandi. “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida uyushtirilgan ushbu safar ichki turizmni rivojlantirish, yoshlarning bilim doirasini kengaytirish va ularni milliy qadriyatlar hamda tarixiy meros bilan yaqindan tanishtirishga qaratildi.

 Tarix va madaniyat maskani
Samarqand qadimdan Sharq sivilizatsiyasining markazi, ilm-fan va madaniyat beshigi sifatida e’tirof etiladi. Buyuk ipak yo‘lining muhim nuqtasi bo‘lgan bu shahar ko‘plab madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib xizmat qilgan. Talabalar sayohat davomida Registon maydoni, Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi – Go‘ri Amir, Ulug‘bek rasadxonasi kabi tarixiy obidalarni ziyorat qilib, o‘z ko‘zlari bilan yurtimizning ulug‘vor tarixini his qildilar.

Milliy qadriyatlar bilan tanishuv
Sayohat faqatgina tarixiy obidalarni tomosha qilish bilangina cheklanib qolmadi. Talabalar Samarqandning boy milliy merosi, qadimiy urf-odatlari va an’analari bilan ham tanishdilar. Hunarmandchilik markazlarida milliy kulolchilik, zardo‘zlik, ipak to‘qish kabi san’at turlari bo‘yicha amaliy jarayonlarni kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shuningdek, milliy taomlarimiz – palov, non yopish jarayoni va boshqa qadimiy ovqatlanish odatlariga oid ma’lumotlar ham yoshlarda katta taassurot uyg‘otdi.

Milliy qadriyatlarni yoshlar qalbiga singdirish
Bunday safarlar yoshlarda vatanparvarlik, o‘zligini anglash va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘ularini shakllantiradi. Talabalar milliy qadriyatlarimizning naqadar boy va rang-barang ekanligini his etib, o‘z bilim va taassurotlarini tengdoshlariga yetkazish niyatida ekanliklarini bildirdilar.

Scroll to Top