O‘zbekiston Milliy universiteti va “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasi o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlik o‘rnatildi

Joriy yilning 13-mart sanasida O‘zbekiston Milliy universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Toshmatov boshchiligidagi bir guruh mas’ullar “Tuproqsifattahlil” davlat unitar korxonasiga tashrif buyurdi. Tashrifning asosiy maqsadi – ilmiy va amaliy faoliyatni yanada rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali ta’lim sifatini oshirish va amaliy tadqiqotlarda hamkorlikni mustahkamlash edi.

Delegatsiya a’zolariga korxonaning zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan tuproq tahlil laboratoriyasi tanishtirildi. Ushbu laboratoriya 100 dan ortiq tuproq va 15 dan ortiq suv namunasini xalqaro standartlarga muvofiq tahlil qiladi va O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi hamda ekologiya sohalarida ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.

Shuningdek, korxonaning xalqaro aloqalari, tajriba almashish jarayonlari va xodimlar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Universitet va korxona o‘rtasida talabalar va yoshlar uchun amaliy treninglar, seminarlar va amaliyot kunlari tashkil etish rejasi ishlab chiqildi. Bu tashabbus ilmiy va texnologik salohiyatni rivojlantirish, amaliy bilimlarni egallash va zamonaviy texnologiyalarni real sohada qo‘llash imkoniyatlarini yaratadi.

Scroll to Top