“Iqlim o‘zgarishi va uning atrof muhitga ta’siri: muammolar va ularning yechimlari” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi

O‘zbekiston Milliy universitetida “Iqlim o‘zgarishi va uning atrof muhitga ta’siri: muammolar va ularning yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman iqlim o‘zgarishi, ekologik barqarorlik hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Hindiston, Tojikiston kabi mamlakatlardan 10 ga yaqin taniqli xorijiy olimlar hamda mutaxassislar ishtirok etishdi. Ularning ayrimlari anjumanga bevosita tashrif buyurishgan bo‘lsa, boshqalari onlayn tarzda o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdilar. Xorijlik olimlarning turli yo‘nalishlardagi tajribalari, ilmiy izlanishlari hamda ekologik muammolar bo‘yicha o‘z yondashuvlarini taqdim etishi konferensiyaning xalqaro miqyosda ahamiyatini yanada oshirdi.

Anjumanning eng muhim voqealaridan biri sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bosh maslahatchisi, “Global energiya” mukofoti xalqaro qo‘mitasi raisi, Moskva davlat universitetining faxriy doktori Raye Kvon Chungning ishtiroki bo‘ldi. U anjumanda maxsus ma’ruza qilib, global iqlim o‘zgarishining insoniyat hayotiga, ekologik xavfsizlikka va barqaror taraqqiyotga ko‘rsatadigan bevosita ta’sirlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u dunyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning ham bu jarayonlarda faol ishtirok etishi va yoshlarning ekologik mas’uliyatni oshirish yo‘lida to‘xtamasligi zarurligi ta’kidladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki Raye Kvon Chung — iqlim siyosati sohasida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan nufuzli mutaxassis bo‘lib, u 2007-yilda Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspert guruhi (IPCC) a’zosi sifatida faoliyat yuritib, “antropogen iqlim o‘zgarishi haqidagi bilimlarni to‘plash, tarqatish va bu o‘zgarishlarga qarshi kurashish uchun zarur choralarni ishlab chiqish”dagi ulkan xizmatlari uchun Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Mazkur yutuq uning nafaqat ilmiy faoliyati, balki butun insoniyatning kelajagi yo‘lida qilgan sa’y-harakatlariga berilgan eng yuksak e’tirofdir.

Konferensiya davomida ilmiy nutqlar va muhokamalar jarayonida iqlim o‘zgarishining atrof-muhitga, inson salomatligiga va iqtisodiyotga bo‘lgan ta’siri hamda ushbu global muammoning yechimlari yuzasidan turli takliflar ilgari surildi. Tadbir nafaqat xalqaro ilmiy hamkorlik uchun, balki yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun ham muhim maktab bo‘lib xizmat qildi.

Scroll to Top