Bugun, 7-may kuni O‘zbekiston Milliy universitetida navbatdagi NUU Public Talks seminari bo‘lib o‘tdi. Bu safar talabalarga “O‘zbekiston IT Hamjamiyati” mehmon bo‘lib, ularning faoliyati, imkoniyatlari va kelgusi rejalariga bag‘ishlangan qiziqarli uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda 30 nafar atrofida talabalar ishtirok etib, raqamli soha va mamlakatdagi IT jamoalar haqida bilimlarini kengaytirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Asosiy spikerlar sifatida Odina Turdiyeva va Shoxsanam Karimova qatnashib, “IT hamjamiyati nima?” mavzusida nutq so‘zlashdi. Ular hamjamiyatning maqsadlari, asosiy yo‘nalishlari va yoshlar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritishdi.
Bizning maqsadimiz – turli soha vakillarini birlashtirib, ular o‘zaro o‘rganishi, hamkorlik qilishi va texnologiyalar orqali rivojlanishi uchun sharoit yaratish.
Odina Turdiyeva
Tadbir avvalida ishtirokchilar IT hamjamiyatining qadriyatlari bilan tanishishdi. Shundan so‘ng kichik viktorina orqali IT sohasidagi asosiy tushunchalar va texnologik tendensiyalar bo‘yicha bilimlar sinovdan o‘tkazildi. Bu esa samimiy va faol muhitni yaratishga xizmat qildi.
Biz amaliyot orqali o‘rganish va izlanish tarafdorimiz. Shu sababli, muntazam ravishda talabalarga o‘z ko‘nikmalarini rivojlantiradigan volontyorlik imkoniyatlarini taqdim etamiz.
Shoxsanam Karimova
Seminar davomida ishtirokchilarga bo‘lajak tadbirlar, ustaxonalar va IT MeetUp’lar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, talabalar hamjamiyat faoliyatida qanday ishtirok etishlari yoki o‘z tashabbuslari bilan chiqishlari mumkinligi haqida yo‘l-yo‘riqlar berildi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi hamda seminarda faol ishtirok etgan talabalarga hamjamiyat tomonidan tashakkurnoma taqdim etildi.
NUU Public Talks loyihasi O‘zMUda yoshlar bilimini oshirish, xalqaro tajribalarni o‘rtoqlashish va barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘un holda innovatsiya, sifatli ta’lim va hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zda tutadi.