NUU Public Talks Series 8.0 : Neyrodegenerativ kasalliklar patologiyasi rivojlanishining hujayra mexanizmlari

Bugun, 2-may kuni O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya va ekologiya fakultetida Yosh biokimyogarlar hamda NUU Public Talks klubining navbatdagi ilmiy seminari bo‘lib o‘tdi.

Seminarda London Universiteti Kolledjiga qarashli Neyrologiya instituti Klinik va harakat tizimi patologiyalari laboratoriyasi rahbari, professor Andrey Abramov “Neyrodegenerativ kasalliklar patologiyasi rivojlanishining hujayra mexanizmlari” mavzusida ma’ruza qildi.

Professor Abramov o‘z ma’ruzasida Alzheimer va Parkinson kabi keng tarqalgan neyrodegenerativ kasalliklarning hujayra darajasidagi sabablari, ularning genetik va biokimyoviy asoslari, shuningdek bu yo‘nalishda olib borilayotgan eng so‘nggi ilmiy tadqiqotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi ilmiy yondashuvlar mitoxondriya disfunktsiyasi, kalsiy gomeostazining buzilishi va oqsil oligomerlarining patologik to‘planishini neyrodegeneratsiyaning asosiy mexanizmlari sifatida ko‘rsatmoqda

Ma’ruza davomida London Neyrologiya institutida olib borilayotgan tajribalar, ularning uslubiy jihatlari va olingan natijalar yuzasidan ham atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Talabalar ayniqsa, kasalliklarni o‘rganishda qo‘llanilayotgan model organizmlar haqida chuqurroq tushunchaga ega bo‘ldilar.

Seminar doirasida genetik mutatsiyalar, mitoxondriya faoliyatidagi buzilishlar, kalsiy ionlarining tartibsizligi va hujayralardagi oqsil agregatsiyasi kabi muhim jihatlar tahlil qilindi. Shuningdek, mazkur kasalliklar nafaqat rivojlangan mamlakatlarda, balki O‘zbekistonda ham tez-tez uchrayotgani, ularni erta aniqlash va bu yo‘nalishda tadqiqotlarni kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ayniqsa, aholi qarishi bilan bog‘liq bo‘lgan neyrodegenerativ kasalliklar statistikasi bo‘yicha munozaralar muhokamalarga boy bo’ldi.

Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Milliy universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova professor Andrey Abramovga chuqur minnatdorlik bildirib, unga sertifikat hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Biofizika va biokimyo mutaxassisligi magistrlari seminarda faol ishtirok etib, o‘quv rejalaridagi nazariy bilimlarini real ilmiy ma’lumotlar bilan boyitdilar. Ayniqsa, mazkur mavzu ushbu mutaxassislik magistrlari uchun mantiqiy davom bo‘lib, talabalar bosh miya hujayralari o‘limiga olib keluvchi kasalliklarning kelib chiqishi va mexanizmlari haqida yaxlit tushuncha hosil qilishga muvaffaq bo‘ldilar.

Scroll to Top