Millatning ma’naviy-ruhiy dunyosini va madaniy darajasini aniqlashning muhim mezonlaridan biri – bu uning kitobga bo‘lgan munosabati va kitobxonlik darajasidir. Insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan mutafakkirlarning yuksak ilmiy va madaniy yutuqlari ham aynan kitob mutolaasi va bilimga chanqoqlik natijasida yuzaga kelgan. Shuning uchun ham yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Talabalar hamda universitet qoshida istiqomat qilayotgan yoshlarni faqatgina darsliklar bilan cheklanib qolmay, badiiy, ilmiy-ommabop, falsafiy va boshqa turdagi kitoblarni ham o‘qishga undash, ularning tafakkurini kengaytirish hamda dunyoqarashini shakllantirish maqsadida universitet tomonidan turli loyihalar amalga oshirilib kelmoqda. Xususan, Universitet Axborot resurs markazi hamda «Zabarjad media» nashriyoti hamkorligida Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakultetida kitob savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Yarmarka davomida «Zabarjad media» nashriyoti tomonidan yoshlarga turli tillardagi mashhur klassik badiiy asarlar, ilmiy-ommabop kitoblar, detektiv va sarguzasht janridagi nashrlar taqdim etildi. Bunday keng turdagi kitoblarning mavjudligi har bir kitobxonning o‘z qiziqishiga mos adabiyotni topishiga imkon yaratdi.
Shuningdek, kitob savdo yarmarkasi nafaqat talabalar, balki universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ham katta qiziqish bilan kutib olindi. Ular uchun tadbirda taqdim etilgan yangi ilmiy adabiyotlar, zamonaviy tadqiqotlar, falsafiy va tarixiy asarlar katta ahamiyat kasb etdi.
Ushbu tadbir talabalar orasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish va yoshlarning tafakkur doirasini kengaytirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.