Joriy yilning 1-aprel sanasida O‘zbekiston Milliy universitetining Xorijiy filologiya fakultetida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Chet tillari bilimdoni” ko‘rik-tanlovi Xorijiy til va adabiyoti kafedrasining tashabbusi bilan tashkil etildi. Mazkur tanlov universitet talabalari va yoshlar orasida chet tillariga bo‘lgan qiziqishni oshirish, chet tili bilish ko‘nikmalarini rivojlantirish, hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni yaratish maqsadida o‘tkazildi. Ushbu tadbir, shuningdek, chet tillarini chuqur o‘rganishga bo‘lgan rag‘batni kuchaytirib, universitet talabalari o‘rtasida til o‘rganish jarayonini yanada faollashtirishga xizmat qildi.
Tanlovda 1-2-bosqich talabalarining ingliz tili bo‘yicha bilimlari baholandi. Shuningdek, universitet qarmog‘ida yashovchi mahallalar aholisi orasida xorijiy tillarga qiziqish bildirgan yoshlar ham ishtirok etdi. Tanlov jarayonida ishtirokchilarning ingliz tili bo‘yicha bilimlari hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan tezkor savol-javoblar, tilni tez va to‘g‘ri ishlatish ko‘nikmalari orqali baholandi. Har bir ishtirokchining so‘zlashuv mahorati, xorijiy tilde eshitgan ma’lumotlarini tahlil qila olish qobiliyati sinovdan o‘tkazildi. Bu esa, o‘z navbatida qatnashchilarga o‘z bilim to‘laqonli namoyish etish imkonini berdi.
Tadbir yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar universitet ma’muriyati tomonidan faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Tadbirda taqdim etilgan sovg‘alar ishtirokchilarga faqat rag‘batlantirish emas, balki ularga o‘z bilim va mahoratlarini yanada rivojlantirishga bo‘lgan ishtiyoqni oshirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, kelgusi yillarda boshqa fakultetlarda o‘qiyotgan iqtidorli yoshlarni ham tanlovga jalb qilish maqsadida, “Chet tillari bilimdoni” ko‘rik-tanlovini universitet miqyosida kengaytirish rejalashtirilgan. Bu yil tanlovda faqat ingliz tili bo‘yicha ishtirokchilar qatnashgan bo‘lsa-da, kelajakda nemis va fransuz tillari bo‘yicha ham tanlov o‘tkazilishi belgilandi. Bu esa universitetda chet tillariga bo‘lgan qiziqishning oshishiga xizmat qiladi.