Joriy yilning 9-may sanasida Biologiya fakultetida “Yosh biokimyogarlar” to‘garagining navbatdagi yig‘ilishi akademik va yoshlar uchrashuvi shaklida tashkil etildi.
Ushbu tadbirda O‘zRFA Mikrobiologiya instituti direktori, akademik Qahramon Davronov ishtirok etib, Biologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, tayanch doktorantlar, erkin tadqiqotchilar, talabalar va biologiyaga qiziquvchi yoshlarni bir joyga jamladi. Tadbirning asosiy maqsadi yosh biokimyogarlar va ilm-fan sohasidagi tajribali olimlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy biologiya va mikrobiologiya sohasidagi yangiliklarni muhokama qilish hamda yoshlarning ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish edi.
Ma’ruzada O‘zbekistonda mikrobiologiya va biotexnologiya sohalarida olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlar, xalq xo‘jaligi uchun foydali bo‘lgan mikrobiologik shtammlar va ularning qo‘llanilishi haqida muhim ma’lumotlar berildi. Akademik Qahramon Davronov o‘z nutqida mikrobiologiya va biotexnologiya sohasida olib borilayotgan innovatsion tadqiqotlar, shuningdek, ushbu tadqiqotlarning o‘zbek iqtisodiyoti va qishloq xo‘jaligiga qanday foyda keltirishi haqida to‘liq ma’lumotlar berdi.
Uning ta’kidlashicha, mikrobiologik tadqiqotlar yordamida yaratilingan yangi shtammlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida o‘simliklarning hosildorligini oshirishda va tabiiy mikroorganizmlar asosida ishlab chiqarilayotgan o‘g‘itlar yordamida ekinlarni yaxshilashda katta ahamiyat kasb etadi. Bu kabi ilmiy yutuqlar nafaqat ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi, balki qishloq xo‘jaligida kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlar ishlatilishining kamayishiga olib keladi.
Uchrashuv yakunida yosh tadqiqotchilar va talabalar, akademikga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va mikrobiologiya sohasidagi amaliy tadqiqotlar doirasida fikr almashishdi.
Bunday tadbirlar nafaqat yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirishga, balki milliy biologiya ilmiy maktablarini shakillanishiga xizmat qiladi.