Belarus davlat universitetining “A.D. Saxarov nomli xalqaro ekologiya davlat instituti”da Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari talabalari uchun XIII-Xalqaro onlayn ekologiya olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur olimpiada ekologiya sohasida talabalar o‘rtasida bilim va tajriba almashish, ekologik masalalar bo‘yicha bilimlarini yanada kengaytirish, shuningdek, talabalarni olimlarning ilg‘or g‘oyalari bilan tanishtirishga xizmat qilgan yirik ilmiy tadbir bo‘ldi. Mazkur tadbirga MDH mamlakatlaridan o‘nlab faol talabalar ishtirok etib, ekologiya, tabiatni asrash va barqaror rivojlanish masalalarida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Tadbir bir nechta bosqichlarda, jumladan, ekologik masalalar bo‘yicha test sinovlari, ilmiy izlanishlar va ijodiy tanlovlar (esse) ko‘rinishida tashkil etildi. Har bir bosqichda talabalar o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash va ekologik muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ijodiy yondashishdi. Ushbu olimpiadada universitet Ekologiya fakulteti talabalari o‘z bilimlarini yuqori darajada namoyish etib, universitetning obro‘sini oshirish bilan birga, O‘zbekistonda ekologiya sohasi bo‘yicha olib borayotgan islohotlar natijasini nomoyon etish imkoniyatiga sazovor bo‘lishdi.
Olimpiadada O‘zbekiston Milliy universiteti nomidan Ekologiya fakulteti
3-kurs talabasi Stanislav Smolenskiy ijodiy tanlov (esse) bosqichida faxirli
1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 1-kurs talabasi Asilbek Salijonov, 3-kurs talabalari Anna Vishnyakova, Aynura Turganaliyevalar 2-o’rinni, Alyona Silimonko 3-o’rinni qo’lga kiritdi.
Shu tarzda, O‘zbekiston Milliy universiteti Ekologiya fakulteti talabalari xalqaro miqyosda o‘z bilim va iste’dodlarini muvaffaqiyatli namoyish etdilar. Ularning erishgan yutuqlari O‘zbekiston Milliy universitetining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishidagi yuqori darajadagi ta’lim sifati va izlanishlarini yana bir bor tasdiqladi. Bu muvaffaqiyat, nafaqat O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalarida, balki xalqaro miqyosda ham ekologiya va barqaror rivojlanish sohasida O‘zbekistonning ta’lim tizimining yuqori o‘rinlarda turishini isbotlaydi.